Kitob hakida
Kitob hakidaKirishO`simliklarHayvonlarAdabiyotlar

Home>Kitob hakida

 

Tuzuvchi: S.A.Muhammadiyev   O`zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan Samarqand viloyatida uchraydigan o`simlik va hayvon turlari. Ma'lumotnoma ko`rsatkich. Samarqand: SamDCHTI, 2005.

 

Web-dizayn: R.F. Burnashev

 

Insonlarning yashashi uchun zarur bo`lgan barcha mahsulotlar o`simlik va hayvonot olamidan olinadi.

Antropogen omillar ta'siri ostida va boshqa sabablar tufayli ko`pgina noyob o`simlik va hayvon turlari kamayib, ba'zilari esa batamom yo`qolib bormoqda. O`zbekiston «Qizil kitob» to`g`risida maktab, institut, litsey, kollej o`qituvchilari eshitishgan bo`lsa ham, ko`pchiligi uni ko`rganlari yo`q. O`zbekiston «Qizil kitob» iga kiritilgan noyob o`simlik va hayvon turlari haqida qo`llanma bo`lmasa, ularni himoya qilish haqida gap yuritish ham mumkin emas.

Hozirgi kunda o`simlik va hayvonot olamini muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlash uchun aholining ekologik madaniyatini ko`tarish lozim. Ushbu risolada Samarqand viloyatida uchraydigan 44 o`simlik va 48 hayvon turlari O`zbekiston «Qizil kitob»idan olinib, shu o`simlik va hayvon turlari to`g`risida qisqacha ma'lumotlar keltirilgan.

Ushbu risola universitet, institut talabalari, malaka oshirish, o`rta umumiy maktablar, kollej, akademik litseylar o`qituvchilari, Viloyat tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi, xalqaro «Ekosan» jamg`armasi, o`rmon xo`jaligi xodimlari, shuningdek, o`z o`lkasini sevadigan, tabiat ishini muqaddas deb biladigan kishilarga keng ommaga mo`ljallangan bo`lib, o`lkamiz biologik xilma-xilligini asrab-avaylashda xizmat qiladi deb o`ylaymiz.

 

Mas'ul muharrir:  Samarqand davlat universiteti ekologiya va tabiatni muhofaza qilish kafedrasi mudiri, professor, biologiya fanlari doktori Z.Izzatullayev.

 

Taqrizchilar: Samarqand qishloq xo`jaligi instituti botanika va o`simliklar fiziologiyasi kafedrasi professori, biologiya fanlari doktori I.X.Hamdamov;

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti zoologiya kafedrasi mudiri, biologiya fanlari nomzodi, dotsent A.Jabborov.

 

 

O`zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi» ning zarurligi

Yer kurrasida hozirgi vaqtda 670 ming (shundan 500 mingi gulli o`simliklar) o`simliklar va 1,5 million hayvon turlari mavjud bo`lib, ularning 93% uchun quruqlik va 7% i uchun suv yashash muhiti hisoblanadi.

Turlarning hosil bo`lishi va ularning yo`qolib ketishi sababi evolyutsion taraqqiyot jarayoni bo`lib, yerda geologik sharoitlarning o`zgarishiga ham bog`liqdir. Ammo odamning kelib chiqishi natijasida bu tabiiy jarayon buzila boshladi, hayvon va o`simliklarning antropogen (inson faoliyati) ta'sirlari natijasida yo`qolib borish jarayoni tezlasha boshladi.

Odam tomonidan yangi yerlarning, orollarning va kontinentlarning o`zlashtirilishi natijasida butun sayyora masshtabida fauna va floraning xilma-xilligi tobora kamayib borish jarayoni kuzatilmoqda.

Turlarning qirilishi qadim zamonlardayoq boshlangan edi. O`n minglab yillar ilgari ovchilar tomonidan mamontlar, qalin junli karkidonlar, gigant bug`ular, g`or arsloni va ayiqlari, o`rta asrlarda Yevropa turi, Steller sigiri qirilib ketdi. Hozirgi biz yashab turgan davrda turlarning yo`qolib ketish jarayoni juda jadallik bilan davom etmoqda. 1600 yildan 1875 yilgacha sut emizuvchilarning 63-turi, qushlarning 74 turi yo`qolib ketdi. Keyingi yillarda har yili 1 dan 10 gacha hayvon va 1 tadan o`simlik turlari yo`qolib ketmoqda. Hozirgi vaqtda umurtqali hayvonlarning 600 ga yaqin turi, juda ko`p o`simliklar turlari butunlay yo`qolib ketish xavfi ostida turibdi.

O`simlik va hayvon turlarining tobora yo`qolib borish xavfi mamlakatlar va butun dunyo miqyosida zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ehtiyojini tug`dirmoqda.

1948 yilda tabiatni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqi tuzildi. Bu tashkilot flora va faunani muhofaza qilishga qaratilgan hamma ishlarni birlashtiradi. Mazkur xalqaro uyushma 1973 yilda «qora ro`yxat»ni chop etdi, unda batamom yo`qolib ketgan hayvonot turlari ro`yxati keltirilgan.

Jahon «Qizil kitobi» 1979 yilgacha chop etildi, shuningdek sobiq SSSR da ham «Qizil kitob» 1979 yilda chop etildi. «Qizil kitob» xavf xatar belgisi. Bu kitobga kam va yo`qolib ketayotgan o`simlik va hayvonlarning turlari to`g`risida ma'lumotlar berilgan.

O`zbekiston o`simlik va hayvon turlari soni 27000 dan ortiq bo`lib, ulardan hayvon turlari 15000 dan ortiq, o`simliklar, zamburug`lar va suvo`tlari esa 11000 atrofida.

O`zbekiston Respublikasi hududida hozirgi kunda 4500 ga yaqin gulli o`simlik turlari mavjud. Ular orasida jiddiy muhofazaga muhtoj ko`pgina kamyob, endem va relikt turlar mavjud. Bunday turlarning soni 400 atrofida bo`lib, ular O`zbekiston florasining 10-12% ini tashkil qiladi.

Zarafshon vohasining florasi 2600 tur, Samarqand viloyatining 1700 tur, undan 201 tur dorivor o`simliklardir.

O`zbekiston florasining yo`qolib ketish xavfi ostida turgan 163 tur «Qizil kitob»ning 1984 yilgi nashriga kiritilgan, yangi «Qizil kitob»da esa (1998) kiritilgan o`simlik turlarining soni 301 taga yetdi.

O`zbekiston faunasida umurtqasiz hayvonlarning 677 turi (sut emizuvchilar-108, qushlar-432, sudralib yuruvchilar-58, amfibiyalar-2 va balig`lar-77) mavjud, umurtqasiz hayvonlar turlari esa 15 mingdan ortiq.

O`zbekistonning birinchi «Qizil kitob»i 1983 yilda nashr qilingan bo`lib, unga umurtqali hayvonlarning 63 turi kiritilgan edi.

Yangi «Qizil kitob» (2003) birinchi bor davlat tilida yozilgan bo`lib, ikkinchi tomida sut emizuvchilarning 23 turi, qushlarning 48 turi, sudralib yuruvchilarning 16 turi, balig`larning 17 turi, xalqasimon chuvalchanglarning 3 turi, molluskalarning 14 turi va bo`g`imoyoqlilarning 61 turi kiritildi.

Ta'kidlash lozimki, «Qizil kitob»ga kiritilgan o`simliklar va hayvonlar ro`yxati yildan-yilga aniqrog` bo`lmoqda va biz ularning yangi nashrlariga guvoh bo`lamiz.

O`zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»ida o`simlik va hayvonot turi, oilasi, avlodi, turkumi tartibida alfavit bo`yicha ro`yxatga olingan va har bir o`simlik ko`rgazmali tarzda suratlari keltirilgan. Bu o`z navbatida noyob va yo`qolib borayotgan o`simlik va hayvonot turlari to`g`risida keng omma tomonidan aniq tasavvurga ega bo`lishlariga yordam beradi.

«Qizil kitob» muhofaza choralarini kuchaytirish, qo`riqxona va buyurtma hududlarini kengaytirish, yovvoyi o`simliklar bilan savdo-sotiqni tartibga solishda litsenziyalar tizimini joriy qilish kabi bir talay muhim tadbirlarni kun tartibiga qo`yadi.

Umuman, bu kitob barcha o`simlik va hayvonot muhofaza qilish borasida qonun asoslariga tayangan muhim hujjat hisoblanadi.

Kitobga kiritilgan o`simlik turlari 4 kategoriyaga bqlingan: «0» maqomi berilgan o`simlik turlari yo`qolgan yoki yo`qolish arafasida turgan o`simliklardir.

«1» maqomidagi o`simliklar turlari esa yo`qolib borayotgan turlardir. Bunga yo`qolib ketish xavfi ostida turgan, saqlab qolish uchun maxsus muhofaza qilishni talab etadigan o`simlik turlari kiritilgan.

«2» maqomidagi turlar esa noyob turlardir. Bu guruhga ma'lum kichik maydonlarda o`ziga xos sharoitlarda saqlanib qolgan, tez yo`qolib ketishi mumkin bo`lgan va ularning saqlanishini ta'minlash uchun jiddiy nazoratni talab etuvchi turlar kiradi.

«3» maqomidagi o`simlik turlari kamayib borayotgan o`simliklardir. Bu guruhga kiritilgan o`simlik turlari ma'lum vaqt ichida soni va tarqalish maydonlari tabiiy sabablarga yoki anropogen omillari ta'siri ostida qisqarib ketayotgan turlar kiradi.

Mazkur risolaga Samarqand viloyati hududida uchraydigan va O`zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan noyob va yo`qolib borayotgan, inson muhofazasiga muhtoj o`simlik va hayvon turlari to`g`risidagi ma'lumotlar matnlari o`zgartirishlarsiz kiritildi.

© Web-design  Burnashev R.F., 2005